AHOLI VA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARIGA DAVLAT XIZMATLARIDAN FOYDALANISHDA YANADA QULAY SHAROITLAR YARATISH, BU BORADA BYUROKRATIK TO‘SIQLARNI QISQARTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING’ 2021-YIL 23-MARTDAGI PF-6191-SON FARMONI HAQQIDA
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi isloh qilinib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, ma’muriy tartib-taomillardan o‘tish muddatlari sezilarli ravishda qisqartirildi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan bir qator ma’lumotnomalar bekor qilindi.
Shu bilan birga, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar, shu jumladan elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni qog‘oz ko‘rinishida so‘rab olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim bo‘lmagan hujjatlarni talab qilish natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini ovora qilish amaliyoti saqlanib qolmoqda.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsadida:
1. 2021-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha ma’lumot talab qilmasdan, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi;
tadbirkorlik subyekti bo‘lgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yig‘im va davlat boji to‘lovlarini to‘lashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida to‘lovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
xorijiy tijorat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatish uchun qo‘shimcha to‘langan yig‘imlar summasi (tezlashtirilgan tartibda ko‘rsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablag‘lar Agentlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi;
davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.
2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan:
a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:
ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
sudlanganlik;
manzil-ma’lumot axboroti;
fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
turar joyning maydoni;
soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
pensiya va nafaqa miqdori;
pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;
b) quyidagi hujjatlarni:
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilindi.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma’lumotlarni ushbu Farmonga 1-ilovada belgilangan mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

T/r
Ma’lumot va hujjatlar nomi
Ma’lumot va hujjatlarni berish uchun mas’ul vakolatli organlar

1.
Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot
Sog‘liqni saqlash vazirligi

2.
Narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumot

3.
Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari

4.
Sudlanganlik haqida ma’lumot
Ichki ishlar vazirligi

5.
Manzil-ma’lumot axboroti
Ichki ishlar vazirligi, Davlat personallashtirish markazi

6.
Pasport ma’lumotlari

7.
Shaxsning fotosurati

8.
Soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot
Davlat soliq qo‘mitasi

9.
Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumot

10.
Fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi

11.
Turar joyning maydoni to‘g‘risida ma’lumot

12.
Kadastr hujjati ma’lumotlari

13.
Pensiya va nafaqa miqdori to‘g‘risidama’lumot
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi

14.
Pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot

15.
Ish stajini tasdiqlovchi ma’lumotlar
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

16.
Ish haqi va ish stajini tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi
“O‘zarxiv” agentligi, vazirlik va idoralar

17.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi
“O‘zarxiv” agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

18.
Tug‘ilish, o‘lim, nikohni qayd etish va nikohdan ajralganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar
Davlat xizmatlari agentligi

Xo’jayli tumani Davlat xizmatlari
markazi bo’lim boshlig’i A.Auyezimbetov