Fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning tartibi haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2020 yil 31 yanvardagi PF-5930-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida» 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-son Qarorining 5-ilovasi bilan tasdiqlangan «Fuqarolarning nomida shaxsiy turar joy mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning» ma’muriy reglamenti bo‘yicha ariza beruvchi ariza beruvchi ma’lumotnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi yoki davlat organi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda so‘rovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi uni o‘z ERIsi bilan tasdiqlaydi.
O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikasiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 foizi miqdorida yig‘im undiriladi (har bir shaxs uchun).
Davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YaIDXP orqali murojaat etilganda yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.
Davlat xizmati uchun yig‘im undirilganligini tasdiqlash axborot-kommunikasiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga kelib yoki davlat organlari orqali murojaat etganda, uning so‘rovnomasi Davlat xizmatlari markazlari yoki davlat organlari xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng so‘rovnoma real vaqt rejimida Markazga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda Markazga yuboriladi.
Markaz so‘rovnoma tushgan va to‘lov amalga oshirilgan vaqtdan boshlab uch ish kuni mobaynida QR-kod (shtrixli kod) qo‘yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markazlariga yoki davlat organlariga (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoxud ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali yuboradi.
Davlat xizmatlari markazlari ma’lumotnoma kelib tushgandan so‘ng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikasiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra, unga ma’lumotnomani elektron shaklda yoki qog‘oz shaklda berishi mumkin.

Xo‘jayli tumani Davlat xizmatlari
markazi katta mutaxassisi A.Oteuliev